Mualliflarga
Ilmiy maqolalarni tayyorlash va taqdim etish talablari
1. Jurnal haqida umumiy ma’lumot
«Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq» ilmiy-nazariy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining fanlararo ilmiy nashri hisoblanadi. Jurnal doktorantlar, magistrantlar, mustaqil izlanuvchilar, shuningdek, mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligida 2007-yil 11-yanvarda № 0127 litsenziya asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy, yuridik va iqtisodiy fanlar bo‘yicha ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bosma nashr ISSN raqami — 2010-6203, elektron nashr ISSN raqami — 2181-1113.
Jurnal o‘zbek, rus va ingliz tillarida maqolalar chop etadi, yiliga to‘rt marta bosma va elektron shaklda nashr qilinadi. Maqolalarni nashr etish bepul.
Jurnal xalqaro munosabatlar, jahon siyosati va iqtisodiyoti, xalqaro huquq, diplomatiya, O‘zbekiston tashqi siyosati, Markaziy Osiyo geosiyosati va xavfsizligi, mintaqaviy integratsiya, suv va raqamli diplomatiya hamda Yevroosiyo transport bog‘liqligi masalalariga oid original ilmiy va tahliliy materiallarni qabul qiladi.
Nashr turlari: ilmiy va tahliliy maqolalar, ilmiy adabiyotlar sharhlari, nazariy-metodologik tadqiqotlar hamda ilmiy nashrlarga taqrizlar.
2. Qo‘lyozmalarga qo‘yiladigan talablar
Ko‘rib chiqish uchun ilgari nashr etilmagan va boshqa ilmiy nashrlar tomonidan ayni vaqtda ko‘rib chiqilmayotgan original ilmiy ishlar qabul qilinadi.
|
Ko‘rsatkich |
Talab |
|
Hajmi |
5 000–7 000 so‘z |
|
Fayl formati |
DOC yoki DOCX |
|
Sahifa formati |
A4 |
|
Asosiy matn |
Verdana, 11 pt, satr oralig‘i 1,1 |
|
Yakuniy izohlar (Endnotes) |
Verdana, 9 pt |
|
Foydalanilgan adabiyotlar |
Verdana, 10 pt |
|
Til |
O‘zbek, rus yoki ingliz tili (ingliz tili afzal ko‘riladi) |
|
Iqtibos va havolalar |
APA Style |
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati APA Style talablariga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim. Har bir manba alohida havola bilan ko‘rsatiladi; bir havola ostida bir nechta manbani birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. Ilmiy maqolaning tuzilishi
Qo‘lyozma quyidagi majburiy tarkibiy qismlarni o‘z ichiga olishi kerak:
- Maqola sarlavhasi.
- Muallif(lar) haqidagi ma’lumotlar: to‘liq ism-familiya, ORCID ID yoki Scopus ID, ilmiy yoki kasbiy mansublik.
- Annotatsiya — kamida 300 so‘z. Unda tadqiqotning dolzarbligi, maqsadi, metodologiyasi, asosiy natijalari va ilmiy yangiligi yoritilishi lozim.
- Kalit so‘zlar — kamida 7–8 ta.
- Ilmiy adabiyotlar sharhi.
- Tadqiqot metodologiyasi va chegaralari.
- Asosiy tadqiqot gipotezasi.
- Olingan natijalar tahlilini o‘z ichiga olgan asosiy qism.
- Xulosa.
- APA Style talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Har bir manba alohida havola bilan berilishi shart.
4. Mualliflik va maqolalarni taqdim etish tartibi
Mualliflik tadqiqot konsepsiyasi, metodologiyasi, ma’lumotlarni tahlil qilish yoki talqin etish, matnni tayyorlash yoxud ilmiy jihatdan qayta ishlash va yakuniy variantni tasdiqlashga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslarga tegishli bo‘ladi. Barcha mualliflar tadqiqotning ishonchliligi va yaxlitligi uchun mas’uldirlar.
Mas’ul muallif barcha hammualliflar nomidan ish yuritadi, mualliflik tartibi va yakuniy matnni kelishadi, tahririyat bilan yozishmalarni olib boradi hamda zarur deklaratsiyalarni taqdim etadi. Maqolada har bir muallifning tadqiqotga qo‘shgan hissasi alohida ko‘rsatilishi shart.
Maqolalar quyidagi manzillar orqali yuboriladi:
- Elektron pochta: info@international-affairs.uz
- Rasmiy veb-sayt: https://international-affairs.uz/ru
Ikki tomonlama anonim taqrizlash (double-blind peer review) tamoyiliga rioya qilish maqsadida mualliflarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlar maqolaning asosiy faylidan olib tashlanishi va alohida taqdim etilishi lozim.
5. Taqrizlash va nashr etikasi
Barcha qo‘lyozmalar dastlab jurnal mavzusiga muvofiqligi va belgilangan talablarga mosligi yuzasidan tahririy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan maqolalar mustaqil ekspertlar tomonidan majburiy ikki tomonlama anonim taqrizlash jarayoniga yuboriladi.
Maqolani nashrga qabul qilish, qayta ishlashga yuborish yoki rad etish to‘g‘risidagi yakuniy qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinadi.
Mualliflar maqolaning originalligi, ishonchliligi, ilmiy asoslanganligi, manbalardan to‘g‘ri foydalanish va akademik etika talablariga rioya etilishi uchun to‘liq javobgar hisoblanadi. Plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish yoki buzib ko‘rsatish, mualliflikni asossiz belgilash, havolalarni manipulyatsiya qilish, haddan tashqari o‘z-o‘zini iqtiboslash va maqolani bir vaqtning o‘zida bir nechta nashrga yuborish taqiqlanadi.
Tahririyat qo‘lyozmalarni avtomatlashtirilgan vositalar yordamida tekshirish hamda asosli shubhalar yuzaga kelganda mualliflardan tushuntirishlar va tasdiqlovchi materiallarni talab qilish huquqiga ega.
Taqrizchilar baholashning xolisligi, mustaqilligi va maxfiyligini ta’minlashi, manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilishi hamda akademik etika qoidalariga rioya etishi shart. Sun’iy intellektdan foydalanish taqrizchining shaxsiy javobgarligini bekor qilmaydi. Avtomatlashtirilgan tekshiruvlar yordamchi vosita hisoblanadi va maqolani rad etish uchun yagona asos bo‘la olmaydi.
6. Sun’iy intellektdan foydalanish siyosati
Sun’iy intellekt (SI) vositalaridan ilmiy ishlarni tayyorlashda shaffoflik va akademik halollik tamoyillariga rioya qilgan holda foydalanishga ruxsat etiladi.
- SI vositalari maqola muallifi yoki hammuallifi sifatida ko‘rsatilishi mumkin emas. Nashr mazmuni uchun faqat mualliflar javobgardir.
- Muallif tomonidan yozilgan matnni faqat grammatik va stilistik jihatdan tahrirlash, o‘qish qulayligini yaxshilash hamda formatlash uchun SI vositalaridan foydalanish, yangi mazmun yaratilmagan va muallif g‘oyalari buzilmagan taqdirda, alohida oshkor etishni talab qilmaydi.
- Maqolaning mazmuniy qismlarini tayyorlash, ma’lumotlarni tahlil qilish yoki talqin etishda SI vositalaridan foydalanish «Metodologiya» bo‘limida yoki alohida deklaratsiyada majburiy ravishda ko‘rsatilishi kerak.
- Muallif SI vositalaridan foydalanish foizini, foydalanilgan platformalar nomlarini, maqolaning tegishli bo‘limlarini va ulardan foydalanish maqsadlarini ko‘rsatishi shart.
- SI yordamida olingan barcha faktlar, manbalar va natijalar muallif tomonidan mustaqil tekshirilishi lozim.
- SI yordamida yaratilgan tasvirlar tahririyat bilan oldindan kelishilgan alohida holatlardan tashqari qabul qilinmaydi.
Sun’iy intellektni bevosita tadqiq etishga bag‘ishlangan ilmiy ishlar hamda tekshiriladigan ilmiy ma’lumotlar bazalarida ishlaydigan ixtisoslashtirilgan SI vositalaridan foydalanish holatlari individual tartibda ko‘rib chiqilishi mumkin.
7. Maqolani yuborishdan oldin
Mualliflar maqolaning jurnal yo‘nalishiga va texnik talablarga muvofiqligini, barcha majburiy tarkibiy qismlarning mavjudligini, havolalarning APA Style asosida rasmiylashtirilganini, ORCID yoki Scopus identifikatorlarining amal qilishini, mualliflik hissasi va zarur deklaratsiyalar ko‘rsatilganini tekshirishlari lozim. Barcha hammualliflar maqolaning yakuniy variantini tasdiqlagan bo‘lishi shart.
Qo‘lyozmani tahririyatga yuborish mualliflarning mazkur talablar va jurnalning nashr etikasi qoidalariga roziligini anglatadi.